
Yangiliklar
Toshkent shahar hokimining 2017 yil 12 maydagi 578-sonli qarori to'g'risida
Toshkent shahar hokimining 2017 yil 12 maydagi 578-sonli qaroriga asosan Xosil Xusanovich Xalmatov “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
X.Xalmatov raisligida 2017 yilning 13 va 14 may kunlari jamiyat tarkibidagi barcha korxonalar rahbarlari, mutasaddi xodimlari va yo'lovchi tashuvchi yo'nalishlar sardorlari ishtirokida kengaytirilgan yig'ilishlar o'tkazildi.
Dushanba, 15 May 2017
Yo'lovchi tashish transportini konsepsiyasi
Toshkent shahrining muhtaram aholisi va mehmonlari.
"Toshshahartransxizmat" AJ manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahri yo'lovchi tashish transportini rivojlantirishda 2030 yilgacha bo'lgan konsepsiyasini ishlab chiqmoqda.
Kosepsiyani ishlab chiqishning asosiy maqsadi Toshkent shahri yo'lovchi tashish transportining 2030 yilgacha bo'lgan strategik yo'nalishini shahar yo'lovchi tashish transportini yanada rivojlantirish tamoyillarining asoslangan hujjatlarini tayorlashdan iboratdir.
Toshkent shahri yo'lovchi tashish transporti majmuasini rivojlantirishda birinchi navbatda yo'lovchilarga qullayliklar yaratish asosiy e'tiborga olingan yo'lovchi tashish transportini rivojlantirishga oid fikr-mulohazalar takliflaringizni kiritishni so'raymiz, shuningdek xorijiy mutaxassislarning shahar yo'lovchi tashish transportini boshqarish istiqbollari haqida tajribalarini bildirishlarini istar edik.
Muhtaram yo'lovchilardan avtobusda, metroda va yo'nalishli taksilarda yo'lovchi tashish sohasiga oid innovasion takliflaringizni kutib qolamiz.
Sizning takliflaringiz shahar yo'lovchi tashish transportini rivojlantirish konsepsiyasining ishlab chiqishda e'tiborga olinadi va ba'zilarining joriy etilishi jonajon shahrimizning jamoat transportida yurganimizda hammamizni quvontirishi shubhasizdir.
Sizning takliflaringizni 2017 yil 10 iyungacha bo'lgan vaqt ichida This email address is being protected from spambots. You need JavaScript enabled to view it. elektron manziliga yuborishingizni istaymiz.
(Takliflaringizni bizga yo'llayotganingizda F.I.Sh. murojaat uchun telefon raqamingizni ko'rsatishingizni so'raymiz)
Shanba, 06 May 2017
"TOSHSHAHARTRANSXIZMAT" AKSIYADORLIK JAMIYATI JAMOASI
9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan barcha hamshaharlarimizni, poytaxtimiz mehmonlarini, "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati tizimida fidokorona mehnat qilib kelayotgan aziz transportchilarni, xususan, frontning eng oldingi marralarida kurash olib borgan urush qatnashchilari va mashaqqatli mehnat marralarida o'zini ko'rsatgan faxriylarni samimiy muborakbod etadi.
Inson xotirasi muqaddas, qadr-qimmati aziz va mo''tabardir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 4 apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida"gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, mazkur bayram butun mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.
Shanba, 06 May 2017
Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikka erishishning muhim omili
Joriy yil 24 aprelda "18-avtobus saroyi" MChJ majlislar zalida Toshkent shahar transport majmuasiga kiruvchi va "Toshshahartransxizmat" aktiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarning 2017 yil birinchi chorak yakunlari muhokamasiga bag'ishlangan kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda "Toshshahartransxizmat" AJ rahbarlari, Toshkent shahar hokimligi yo'lovchi transportining barcha turlari harakatini lisenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti, jamiyat tarkibiga kiruvchi tarmoq korxonalarining rahbarlari, bosh muhandislari, rahbarlarning yo'lovchi tashish ishlari bo'yicha o'rinbosarlari, bosh muhosiblari, reja-iqtisodiyot va harakat xavfsizligi xizmati bo'limlari boshliqlari, poytaxt aholisiga yo'lovchi tashish transportida xizmat ko'rsatayotgan mas'uliyati cheklangan jamiyatlar rahbarlari ishtirok etdi.
Dushanba, 01 May 2017
Kuzatuv kameralari natijalari. Hushyorlik - xavfsizlik garovi.
Ma'lumki, poytaxtimiz Toshkent shahri yo'llari, chorrahalarida maxsus videokuzatuv kameralari o'rnatilib, ular joriy yilning 15 martidan ishlay boshladi.
Tahlillar dastlabki kunlarning o'zidayoq "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati tizimidagi avtokorxona haydovchilari tomonidan 52ta qoidabuzarlik sodir etilganligini ko'rsatdi. Biz qoidabuzarliklar bois jamiyat tarkibidagi avtokorxonalar 15 million so'mdan ortiq jarima to'lashga majbur bo'lganini haftanomamiz sahifasida yoritgan edik. Ta'kidlash joizki, shahrimiz aholisiga madaniyatli, harakat xavfsizligini ta'minlagan holda xizmat ko'rsatish asosiy vazifasi bo'lgan "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati rahbariyati ham bu borada muayyan ishlarni amalga oshirdi. Jamiyat tizimidagi barcha avtokorxonalarga videokameralar ishga tushishi arafasida ogohlantirish xatlari yuborildi.Tushuntirish, targ'ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Payshanba, 26 Aprel 2017
Bugungi davr o’zgarish va yangilanishlari shahar yo'lovchi transporti tizimi faoliyatini yangi bosqichga ko'tarishni taqozo etmoqda
Yirik megapolis poytaxt va shaharlari hayotini jamoat transportisiz tasavvur etish mushkul. Shu bois yurtimizda shahar yo'lovchi tashish transporti hukumatning doimiy e'tibori va g'amxo'rligidadir. Ayniqsa, istiqlol yillarida mamlakatimizda shahar yo'lovchi tashish transporti tizimini rivojlantirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi.
Sohada zamonaviy axborot-texnologiyalar keng joriy etildi. Jumladan, "Toshshahartransxizmat" AJ tarkibidagi avtokorxonalarda tasarruf etilayotgan avtobuslarga masofadan kuzatish tizimi GPS trekerlari va antennalari o'rnatildi. O'tgan yilning sentyabridan buyon yo'lovchilar "Tashbus" mobil ilovasi imkoniyatlaridan bahramand bo'lib bormoqda. Quvonarlisi, shahar yo'lovchi tashish transporti tizimini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar bosqichma-bosqich jadal davom ettirilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining shahar yo'lovchi transportiga bo'lgan ehtiyoji to'liq darajada ta'minlanmayotgani avtotransport xizmatlari ko'rsatish tizimini takomillashtirish bo'yicha olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, xizmat ko'rsatish sifatini yuqori darajada yaxshilashni talab qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yilning 11 martida qabul qilingan "Toshkent shahrida yo'lovchi tashish transportini yanada rivojlantirish choralari to'g'risida"gi qaror yuqoridagi muammo va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yo'lovchilarga yuqori sifatli, madaniyatli xizmat ko'rsatish hamda jamoat transporti faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan fikrimizning yaqqol tasdig'idir.
Mazkur qaror ijrosini ta'minlash, jamoatchilik orasida uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ'ib etish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar xususida "Toshshahartransxizmat" AJ boshqaruvi raisi o'rinbosari Mohir Valiev bilan suhbatlashdik.
Juma, 31 Mart 2017
YANGI KO'PRIKLAR - KATTA QULAYLIKLAR YARATADI
Tabiat uyg'onib, shahrimiz oppoq gullarga burkangan shu kunlar poytaxtimiz ko'chalarida yana ikkita yangi ko'prik barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Bu xushxabar, nafaqat hamshaharlarimiz, balki mamlakatimizda yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlarni kuzatib borayotgan har bir vatandoshimizni ham xushnud etdi.
Poytaxtning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor — Muqimiy ko'chalari chorrahasi va Yunusobod hamda Mirzo Ulug'bek tumanlariga qarashli Bog'ishamol — Yangi shahar ko'chalarini bog'lovchi ko'priklarda mashinalar qatnovi yo'lga qo'yildi.
Ta'kidlash joizki, uch tuman hududida qurilgan ushbu ko'prik va piyodalar uchun maxsus yo'laklar shahrimiz ko'chalarida transport vositalarining ortib borayotgani, yo'llardagi tirbandlik, piyodalar harakatidagi noqulayliklarga ma'lum darajada barham berdi.
Bog'ishamol va Yangi shahar ko'chalarini bog'lovchi yo'l 2015 yil Kabel zavodi orqali yotqizilgan Do'rmon yo'li ko'chasidan Bog'ishamol ko'chasigacha bo'lgan yo'lning davomi bo'ldi. Prezident Shavkat Mirziyoev Yunusobod va Mirzo Ulug'bek tumanlari aholisini bunday ajoyib qulaylik bilan qutlar ekan, bu kabi loyihalar hali yana davom etishini ta'kidladi. Ushbu 423 metrlik ko'prikdan bir soatda 16 mingta mashina o'tish imkoni mavjud. Ko'prikning bo'yi 5,5, eni 33 metr bo'lib mashinalar bir vaqtning o'zida 8 polosada harakatlanish imkoniga ega. Yangi yo'l yoqasi va ko'prikning har ikki tomonida piyodalar uchun maxsus yo'laklar barpo etilgani, ayniqsa, yo'lovchilarni behad quvontirdi.
Juma, 31 Mart 2017
KUNIDA SINGAN KO'ZA
Xalqimizda "Ko'za kundamas, kunida sinadi" degan purhikmat naql bor. Hikmat ma'nosi uning mazmunidan ayon bo'lib turganidek, ko'za har kuni sinmaydi, ba'zida sinishi mumkin. Ushbu hikmat mag'zini chuqur anglagan inson doimo ogoh va hushyor bo'lish, tartib-qoidalarga qat'iy amal qilishga intiladi. Ayniqsa, bugungi shiddatkor, axborot-kommunikasiya texnologiyalari jadal rivojlangan davrda. Ammo nima uchundir ayrim shahar yo'lovchi tashish transporti avtokorxonalari haydovchilari bu haqiqatni unutib qo'yishmoqda.
Yo'l harakati qoidalari talablarida avtotransport harakat vaqtida haydovchini chalg'ituvchi har qanday vositadan foydalanish ta'qiqlanadi. Xususan, avtoulov harakat vaqtida telefonda gaplashish ham O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks bo'yicha jarimaga sabab bo'ladi. Buni har bir haydovchi yaxshi biladi, albatta. Lekin, ayrimlar yo'l harakati xavfsizligi xodimi nazaridan qochib, telefonda gaplashishni kanda qilmaydi. Shaxsiy avtoulov egasi engil mashinada telefonda so'zlashishi jamoatchilik e'tiboriga tushmasa-da, jamoat transporti haydovchisining har bir harakati yo'lovchilar diqqat va nazaridan chetda qolmaydi. Chunki, haydovchining lahzalik chalg'ishi qanday mudhish hodisalarga sabab bo'lishi barchamizga kundek ayon.
Juma, 24 Mart 2017
JAMOAT TRANSPORTI ISTIQBOLLARI
Sharq xalqlarining bir necha ming yillik tarixga ega umrboqiy ma'naviy qadriyatlaridan biri Navro'z ayyomidir. Yozma manbalarda ta'kidlanishicha, Navro'zning yuzaga kelishi koinot hamda tabiat qonunlariga, ya'ni Quyoshning Hamal burjiga kirishi, kun va tunning barobar bo'lishi, tabiatning uyg'onishi bilan bog'liq. Beruniy Navro'zni "Olamning boshlanishi" deb yozsa, Firdavsiy "Bayramlar shohi" deb ataydi. Bugun yurtimiz ana shunday shukuhli bayram og'ushida. Axir, Navro'z Sharqda yangi yilning boshlanishi hamdir.
Ana shunday qutlug' kunlarda, to'g'rirog'i, 2017 yilning 11 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Toshkent shahrida yo'lovchi tashish transportini yanada rivojlantirish choralari to'g'risida"gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda 2017-2019 yillar poytaxt Toshkentda jamoat transporti tizimida qilinishi lozim bo'lgan ishlar istiqboli belgilab berilgan.
Juma, 24 Mart 2017
BAYRAM SHODIYONALARI UNUTILMAS ONLARNI TORTIQ ETMOQDA
Ayni kunlarda yurtimizning har bir go'shasi, shahru qishloqlari, mahalla, ovul, korxona va tashkilotlarda qadriyatlarimiz beshigi sanalgan Navro'z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Navro'zi olam mehr-muruvvat ulashish, qalblarni, dillarni yaqinlashtirish ayyomi.
Ko'klam kelinchagi ona er uzra sepini yoya boshlashi bilan yoshu qari yangi kun, sharqona yangi yil - Navro'zga tayyorgarlik ko'radi. Bu kunni katta shodiyona bilan nishonlashga intiladi. Qishloqlarda bola-baqra, qiz-juvon, katta-kichik, keksayu yosh dala, qir-adirga chiqib, sayl uyushtirib topganini o'rtada baham ko'rib bayram qiladi. Dasturxonga eng tansiq taomlar tortiladi. Dasturxon ko'klamdan hadya ko'k somsayu chuchvara, halimu sumalak, qand-qurs bilan to'lib toshadi. Yoshlar davra qurib milliy o'yinlar, sport musobaqalari tashkil etadi. Boquvchisini yo'qotgan, ko'p bolali oilalar hamda qariyalar holidan xabar olinib, ularga moddiy-ma'naviy ko'mak beriladi. Navro'z bayrami faqat bir kun emas, balki oy davomida nishonlanadi. Ana shunday o'zida olam-olam shodligu ezguliklarni jamlagan Navro'z bayrami "Toshshahartransxizmat" aktsiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi avtokorxonalarda ham keng nishonlandi. Xususan, 18 mart kuni "8-avtobus saroyi" MChJ, "3-avtobus saroyi", "12-avtobus saroyi" va "18-avtobus saroyi" mas'uliyati cheklangan jamiyatlarda bayram tashkil etilib, transportchilar Navro'zni zo'r shodiyona bilan qarshiladilar. Bayram tadbirlarida jamiyat mutasaddi xodimlari, yo'lovchi tashish tizimida uzoq yillar ishlagan mehnat faxriylar va bugungi kunda muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatayotgan jonkuyar xodimlar ishtirok etdi.
Payshanba, 22 Mart 2017
E'lon
“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan
Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalarini o'z faoliyatiga qabul qilganligi to'g'risida xabar
“Toshshahartransxizmat” AJ shuni ma'lum qiladiki, jamiyat yagona aksiyadorining 30.06.2016 yildagi 4-sonli qarori bilan jamiyat tomonidan 01.07.2016 yildan boshlab Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi yig'ilishining 31.12.2015 yildagi 9-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv kodeksiga rioya qilish majburiyati qabul qilindi.









